Afisha.uz’ning Shavi qahvaxonasi haqidagi maqolasiga ko‘zim tushdi. Unda qahvaxonaning Toshkentda ochilishi va biznesning ayrim qadriyatlari haqida so‘z boradi. Ammo Tibo bilan suhbatlashganda u tez-tez tilga oladigan bir muhim jihat maqolada deyarli ko‘rinmaydi.

Asli fransuz bo‘lgan Thibault Tughushi-Flament Parijda fuqaro aviatsiyasi va qurilish muhandisligi bo‘yicha tahsil olgach, dunyoni ko‘rish va turli madaniyatlarni o‘rganish maqsadida sayohatga chiqadi. Keyinchalik u bir necha mamlakatda yirik qurilish loyihalarida muhandis sifatida faoliyat yuritadi. Taqdir esa uni oxir-oqibat Gruziyaga olib keladi.

Tbilisida ishlayotgan vaqtida u Keti Tughushi bilan tanishadi. Bu tanishuv Tiboning hayotini o‘zgartiradi u doimiy sayohatlardan voz kechib, Gruziyada qolishga qaror qiladi. Rafiqasi va uning madaniyatiga bo‘lgan hurmati ramzi sifatida esa o‘z familiyasiga Tughushi familiyasini qo‘shadi.

Gruziya Tibo uchun shunchaki navbatdagi mamlakat emas, yangi uyga aylanadi. Aynan shu yerda u anchadan beri orzu qilgan specialty coffee biznesini rafiqasining ko‘magi bilan yo‘lga qo‘yadi.

Qiziq tomoni shundaki, Shavi’ning hikoyasi faqat qahva haqida emas. Uning ortida muhabbat, yangi madaniyatni qabul qilish va hayotni butunlay boshqa yo‘nalishga o‘zgartira olish haqidagi katta shaxsiy qaror hamda tajriba bor. Shular sabab ham menimcha Gruziyada boshlangan kichik qahvaxona biznesi hozirda Toshkentda ham gurkirab rivojlanmoqda.

Ishqilib, yuqorida keltirgan ma’lumotlarimni Tiboning o‘zidan eshitganman. Yo‘lingiz tushib qolsa Shaviga kiring qahvasidan iching ular yaratgan muhitga baho bering.

@hisperspective