Bugun chiroyli sana 10.10. Shu bois kunni biroz motivatsiya bilan boshlagim keldi. So‘nggi paytlarda ko‘plab startaperlar bilan suhbatlashyapman. Har bir suhbatdan yangi xulosa chiqadi. Ulardan biri startap boshlayotganlarning orasida tez boyib ketish, moliyaviy erkinlikka erishish yoki bir kun kelib umuman ishlamasdan yashash istagi juda kuchli ekanligi boʻldi.
Lekin startapning asl mohiyati shumi? Menimcha, yo‘q. Startap bu tez boyish uchun qo‘yilgan stavka emas. Bu bir muammoni ko‘rish, unga yechim topish, kompaniya qurish va shu jarayonda odamlar hamda jamiyat uchun yangi qiymat yaratishdir.
Startap qurish romantik ko‘rinadigan, ammo amalda juda ko‘p noaniqlik, mas’uliyat, xato va qayta urinishlardan iborat yo‘l. Albatta, katta kompaniya qursangiz, katta boylik ham kelishi mumkin. Lekin bu yo‘lning kafolatlangan natijasi emas. Chunki, juda kam startap global miqyosdagi ulkan kompaniyaga aylanadi.
Shuning uchun startapni faqat pul uchun boshlash xavfli. Negaki biz kutgan boylik illuziyasi kechiksa, motivatsiya ham tugaydi. Ammo siz haqiqiy muammoni hal qilayotgan bo‘lsangiz, mahsulotingiz odamlarning hayotini yaxshilayotgan bo‘lsa va shu yo‘lda kompaniya qurayotgan bo‘lsangiz pul maqsad emas, yaratilgan qiymatning natijasiga aylanadi.
Ba’zida esa omad keladi. Lekin omad ham strategiya emas. Omad uzoq mehnat, to‘g‘ri qarorlar va sabr ustiga tushgan taqdirdan bir sadaqa, xolos.
Ishqilib, Tinkoff boʻlishni koʻzlang Usmanov emas. Shunda maqsadga erishasiz.
