Yaqinda “Tamerlan” operasini tomosha qilishga tushdik. Rosti gap, dastlab biroz tushunishga qiynaldim. Voqealarning opera san’ati orqali ifodalanishi men uchun yangilik edi. Ammo vaqt o‘tgan sari sahnadagi voqealar mohiyatini anglay boshladim.
Bir narsani tushundim, davrlar, qahramonlar va kurash vositalari o‘zgaradi, ammo insonning yashash, o‘z o‘rnini topish va baxtli hayot qurishga bo‘lgan intilishi o‘zgarmaydi. Amir Temur davrida insonlar o‘z oilasi, yaqinlari, yurti va kelajagi uchun jang maydonlariga chiqqan. Bugun esa kurash maydonlari boshqacha.
Endi qilich va qalqon o‘rnini bilim, tafakkur va texnologiyalar egallamoqda. Har kuni, hatto har soatda yangi bilimlar, texnologiyalar, sun’iy intellekt modellari paydo bo‘lmoqda. Biz esa tabiiy intellekt egalari o‘laroq, hayotdagi, ishdagi va umuman dunyodagi o‘rnimizni yo‘qotmaslik uchun kurashyapmiz. O‘qiyapmiz, o‘rganyapmiz, yangi tendensiyalarni sinab ko‘ryapmiz.
Tushunyapsizmi, asrlar o‘tsa-da, insonning oldinga intilishi o‘sha-o‘sha. Faqat bugun marralarni zabt etish uchun jismoniy kuchdan ko‘ra aql, iroda va bilimga ko‘proq tayanmoqdamiz. Amir Temurdan koʻra bizga sal oson ham shunchaki oʻqib, oʻrganib bilim olib uni amalda ishlata olsak bas.
Ishqilib, tarix va bugunni bogʻlab oʻrganish kerak. “Tamerlan”ga esa tushib koʻringlar.