Spot.uz maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda dual taʼlimga talabalarni olgan biznes uchun yangi imtiyozlar beriladi. 2027 yildan kompaniyalar ishlayotgan talabalarga toʻlagan maosh xarajatining 50 foizini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Gap muhandislik, ishlab chiqarish va qayta ishlash, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida oʻqiyotgan talabalar haqida ketmoqda. Yaʼni davlat biznesga oddiy amaliyotchi emas, aniq kasbga kirib kelayotgan ishchi kuchini tayyorlashda sherik boʻlishni taklif qilyapti.
Mohiyatan, bu qaror universitet, talaba va korxona oʻrtasidagi masofani qisqartirishga qaratilgan. Bizda koʻp yillardan beri muammo bitta: talaba diplom oladi, lekin ish joyi undan boshqa koʻnikma kutadi. Dual taʼlim shu uzilishni kamaytirishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 sentyabr kuni oliy taʼlim muassasalarida dual taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha farmonni imzolagan. Hujjatda biznesni bu jarayonga kiritish uchun bir nechta ragʻbatlantiruvchi mexanizm bor.
Masalan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi dual taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻygan oliygohlar va buyurtmachi tashkilotlar reytingini yuritadi. Bu reyting 2027-2028 oʻquv yili oxirida ishga tushishi rejalashtirilgan.
Reytingda uchta asosiy mezon hisobga olinadi: dual taʼlim bilan qamrab olingan talabalar ulushi, ularning oʻrtacha maoshi va oʻzlashtirish koʻrsatkichi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan 3 ta oliygoh va 3 ta buyurtmachi tashkilot budjetdan 1 mlrd soʻmdan 3 mlrd soʻmgacha mukofot oladi.
Joyida aytib ketay, bu yerda biznes uchun manfaat faqat subsidiya bilan cheklanmaydi. 2027 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvargacha oliygohlar qoshida amaliy baza, ishlab chiqarish va servis faoliyati uchun olib kiriladigan uskunalar, inventar va laboratoriya jihozlariga bojxona boji 1% boʻladi.
Buyurtmachi tashkilotlar amaliy mashgʻulotlar uchun inventarga 3 yil davomida tezlashtirilgan amortizatsiya qoʻllashi ham mumkin. Davlat xaridlarida esa dual taʼlim dasturi boʻyicha talaba qabul qilgan korxonalarga ustunlik beriladi: 25 nafargacha talaba uchun 5%, 25-50 talaba uchun 10%, 50 nafardan ortiq talaba uchun 15%.
Bundan tashqari, biznes Tadbirkorlar barqarorligi reytingida qoʻshimcha ball oladi. 5 nafardan 25 nafargacha talaba qabul qilgan korxona 5 ball, 50 nafargacha qabul qilgani 8 ball, 50 nafardan koʻp qabul qilgani 10 ball oladi.
2026-2027 oʻquv yilidan amaliyot dual taʼlim tizimi asosida tashkil etiladi. Yoʻnalish xususiyatiga qarab, nazariy oʻqishdan 6 oygacha tanaffus qilib amaliyot oʻtash yoki haftalik jadval asosida ishlash mumkin: 4+2, 5+1, 3+3, 3+2 yoki 4+1.
Menimcha, Toshkentdagi yirik qurilish, ishlab chiqarish va agrotexnika kompaniyalari uchun bu juda amaliy mexanizm boʻlishi mumkin. Chunki ular baribir kadr tayyorlashga vaqt va pul sarflaydi. Endi shu xarajatning bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.
Qisqasi, dual taʼlim biznes uchun ham, talaba uchun ham oddiy “amaliyot oʻtab keldi” formatidan jiddiyroq modelga aylanmoqda. Savol endi boshqa joyda: kompaniyalar talabani arzon ishchi sifatida emas, ertangi mutaxassis sifatida koʻra oladimi?