TechCrunch yozishicha, Amazon foydalanuvchi xaridlariga qarab u haqda qanday taxminlar qilganini alohida sahifada koʻrsatadi. Gap shunchaki “kitob oʻqiydi” yoki “uy hayvoni bor” degan umumiy profil haqida emas. Baʼzi taxminlar ancha shaxsiy va noqulay chiqib qolishi mumkin.
Voqea Threads’dagi bir foydalanuvchi Amazon sozlamalarida oʻzi haqidagi taxminlar roʻyxatini topgach tarqaldi. U yerda “ayollar boʻlimidan xarid qiladi”, “Shark robot changyutgichi bor boʻlishi mumkin” kabi oddiy bandlar bilan birga “dumbasi tekis” degan taxmin ham turgan. Post bir kundan kam vaqtda 1 mln martadan koʻproq koʻrilgan.
Mohiyatan, bu kulgili koʻringan bir skrinshot orqali eski savol yana yuzaga chiqdi: internet doʻkonlari biz haqimizda qanchalik koʻp narsa biladi? Amazon xarid tarixi, koʻrilgan mahsulotlar va ehtimoliy qiziqishlar asosida foydalanuvchining odatlari, ehtiyojlari, hatto tana tuzilishi haqida ham xulosa chiqaradi.
Bu roʻyxatni qayerdan koʻrish mumkin?
TechCrunch maʼlumotiga koʻra, desktop versiyada Amazon sahifasining yuqori oʻng burchagidagi “Hello, [ismingiz]” qismiga borib, “Account” boʻlimi ochiladi. Keyin “Ordering and shopping preferences” ichidan “Your Shopping preferences” tanlanadi. Sahifaning pastki qismida “Manage your information” havolasi bor.
Mobil ilovada esa pastki menyudagi hamburger belgisidan “Account”ga kiriladi, keyin “Shopping preferences” va “About you” boʻlimlari ochiladi. Shu joyda Amazon foydalanuvchi haqida tuzgan ayrim taxminlarini koʻrish mumkin.
TechCrunch muallifi Amanda Silberling oʻz profilida Amazon uni “fotografiya bilan shugʻullanadi”, “kolleksiya karta oʻyinlarini oʻynaydi” va “Apple ekotizimiga kirgan” deb belgilaganini yozadi. Uning hamkasblarida vinil plastinkalar, keramika, tabiiy materiallar va qulay kiyimlarga qiziqish kabi taxminlar chiqqan.
Amazon’dagi “dumbasi tekis” taxmini, ehtimol, foydalanuvchining butt scrunch leggings xarid qilgani bilan bogʻliq boʻlgan.
Tushuntiraman: bu yerda muammo bitta gʻalati iborada emas. Muammo — xaridlarimizdan juda nozik profil tuzilishida. Bugun “sport kiyimi olgan” degan signal ertaga tana tuzilishi, sogʻliq odati yoki shaxsiy ehtiyojga oid reklama segmentiga aylanadi.
Oʻzbekistonda ham bu mavzu begona emas. Toshkentda ko‘pchilik marketplace, taksi, ovqat yetkazish va bank ilovalaridan kuniga bir necha marta foydalanadi. Har bir buyurtma, qidiruv, saqlangan karta va manzil foydalanuvchi haqida kichik maʼlumot beradi. Alohida qaraganda oddiy. Birlashtirilganda esa ancha aniq portret chiqadi.
Menimcha, Amazon voqeasi foydalanuvchi uchun yaxshi eslatma boʻldi: qulay servis bepul yoki arzon koʻringanda ham, uning ortida maʼlumot almashinuvi turadi. Biz platformaga vaqt, eʼtibor va xarid tarixi beramiz; platforma esa bizga qulayroq tavsiya, tezroq qidiruv va nishonlangan reklama qaytaradi.
Qisqasi, bu voqea “Amazon kimningdir tanasini mazax qildi” degan oddiy internet latifasi emas. Bu — katta platformalar foydalanuvchini qanday tasniflayotgani koʻrinib qolgan kichik yoriq. Ishqilib, bunday sahifalar odamlarni hech boʻlmasa vaqti-vaqti bilan maxfiylik sozlamalarini ochib koʻrishga undaydi.