Qozogʻiston janubida qurilayotgan Darboza — Maqtaaral temiryoʻl liniyasida ishchi harakatni 2026-yil oxirigacha boshlash rejalashtirilyapti. Spot.uz maʼlumotiga koʻra, bu haqda Qozogʻiston Transport vazirligi xabar bergan.

Gap Oʻzbekiston bilan qoʻshimcha xalqaro temiryoʻl yoʻnalishini ochadigan loyiha haqida ketyapti. Yangi liniya Sariogʻoch — Toshkent uchastkasidagi bosimni kamaytirishi kerak. Bu yoʻnalish hozir mintaqadagi eng band temiryoʻl nuqtalaridan biri boʻlib qolgan.

Qozogʻiston tomoni hozir asosiy kuchni yer ishlari, rels yotqizish va sunʼiy inshootlar qurilishiga qaratgan. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, 13,2 mln kub metr yer ishlarining 12,9 mln kub metri bajarilgan. Bu umumiy hajmning 98 foizi degani.

Shuningdek, yigʻish bazalarida 142 km rels-shpal panjarasi tayyorlangan, shundan 105,6 km qismi uchastkaga yotqizib boʻlingan. Bu rejalashtirilgan hajmning 61 foiziga teng. 129 ta suv oʻtkazuvchi quvurning 124 tasi oʻrnatilgan, 29 ta koʻprik qurilishi tugagan, yana 4 ta obyekt bo‘yicha ish davom etyapti.

Qurilishga 977 ta texnika va 1815 nafar ishchi jalb qilingan. Oktabr oyida asosiy yoʻllarda yer polotnosini toʻkish, rels-shpal panjarasini yotqizish va temiryoʻlni tutashtirish ishlari yakunlanishi kutilmoqda.

Bu Toshkent uchun nimani anglatadi?

Darboza — Maqtaaral liniyasining uzunligi 127,6 km. Qogʻozda bu Qozogʻistonning ichki infratuzilma loyihasidek koʻrinadi, lekin amalda uning taʼsiri Oʻzbekistonga ham bevosita tegadi. Sabab — yuk oqimining bir qismi Toshkent temiryoʻl tugunini aylanib oʻtishi mumkin.

Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari, milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin avvalroq Sariogʻoch — Toshkent yoʻnalishi kuchli yuklama ostida qolganini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, Darboza — Maqtaaral qurilishi tugasa, 20 mln tonna yuk Toshkent tugunini chetlab oʻtadi.

“Toshkent tuguni, Sariogʻoch — Toshkent juda kuchli zoʻriqqan. Darboza — Maqtaaral temiryoʻlini tugatyapmiz, natijada 20 mln tonna yuk Toshkent atrofidan oʻtadi”, degan Jumangarin.

Mohiyatan, bu Toshkentga kirib-chiqadigan yuk poyezdlari navbatini qisqartirishi mumkin. Albatta, bitta liniya butun logistika muammosini birdan yechib bermaydi. Lekin Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsmoqchi boʻlsa, bunday “boʻyin” nuqtalarni kengaytirish zarur.

Mahalliy biznes uchun ham masala oddiy: yuk qancha tez va barqaror yursa, importchi, eksportchi va logistika kompaniyalarining xarajati shuncha aniqroq boʻladi. Toshkentdagi omborlar, bojxona brokerlari va ishlab chiqaruvchilar uchun temiryoʻldagi kechikishlar narxga ham, yetkazib berish muddatiga ham taʼsir qiladi.

Qisqasi, Darboza — Maqtaaral faqat rels va koʻprikdan iborat loyiha emas. U Markaziy Osiyoda yuk oqimini qayta taqsimlaydigan infratuzilma boʻlagi. Ishqilib, loyiha muddatida ishga tushsa, Toshkent tuguni nafas rostlaydi, mintaqaviy tranzit esa yana bir yoʻlga ega boʻladi.