Shveysariya hukumati USM asoschisi Alisher Usmonov va «Alfa-Grupp» hammuassisi Mikhail Fridmanga qarshi sanksiyalarni bekor qildi. Spot.uz maʼlumotiga koʻra, qaror Yevropa Ittifoqi ikki biznesmenni sanksiyalar roʻyxatidan chiqarganidan keyin qabul qilingan.

Bu haqdagi maʼlumot Shveysariya Iqtisodiy masalalar boʻyicha davlat kotibiyati — SECO hujjatlarida keltirilgan. Usmonov va Fridman bilan birga Redbird Corporate Services kompaniyasi hamda yana bir necha shaxs cheklovlardan ozod etildi.

Biroq bu Shveysariya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatyapti, degani emas. Aksincha, mamlakat hukumati cheklovlar roʻyxatini yana 254 ta pozitsiya bilan kengaytirdi.

Yangi roʻyxatga Rossiyaning 33 ta banki, boshqa davlatdagi bitta bank, 17 ta moliyaviy tashkilot va uchinchi mamlakatlarda ishlaydigan beshta kompaniya kirdi. Shuningdek, toʻrtta aeroport, ikkita port hamda Rossiya neftini eksport qilish bilan bogʻlangan «yashirin flot» tarkibidagi 41 ta kemaga cheklov qoʻyildi.

Bu kemalarni sotib olish, qayta sotish va ularga xizmat koʻrsatish taqiqlandi. Mohiyatan, Shveysariya ayrim shaxslarga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashladi, lekin moliya, logistika va neft savdosiga bosimni kuchaytirdi.

Yevropa Ittifoqi qarori ortidan

Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonov va Mikhail Fridmanga qarshi sanksiyalarni 22-sentabrda bekor qilgan edi. Shu bilan birga, Rossiya bilan aloqador qariyb 3 ming fuqaro va kompaniyaga nisbatan boshqa cheklovlar yana uch yilga uzaytirildi.

OAV yozishicha, Usmonovni roʻyxatdan chiqarishni Fransiya «milliy xavfsizlikka oid alohida masala» va xalqaro hamkorlarning soʻrovlari bilan izohlagan. Fridman boʻyicha qarorni esa Lyuksemburg qoʻllab-quvvatlagan. Latviya bunga qarshi chiqqan, biroq Yevrokomissiya qaroriga toʻsqinlik qilmagan va ikki biznesmenga milliy darajada alohida cheklov joriy etgan.

Usmonov 2022-yil martida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan edi. U keyinchalik bu qaror ustidan sudga murojaat qilib, cheklovlar USM tarkibidagi «MegaFon», «Metalloinvest» va «Udokan mis» kabi yirik kompaniyalarga zarar yetkazishini bildirgan.

Biznesmen sanksiyalar uning ishbilarmonlik obroʻsiga va aksiyador boʻlgan kompaniyalardagi xodimlarga ham taʼsir qilayotganini aytgan. 2023-yil boshida esa korporativ loyihalardagi ishtirokini toʻxtatib, xayriya faoliyatiga oʻtishini eʼlon qilgan.

Qisqasi, Shveysariya qarori Usmonov uchun muhim huquqiy va reputatsion yengillik. Ammo Rossiyaga qarshi savdo, energetika, moliya va texnologiya sohalaridagi kengroq sanksiyalar oʻz kuchida qolmoqda.