2026-yil 1-dekabrdan Toshkentdagi 20 ta avtobus yoʻnalishida qatnov vaqtini soat 23:00 gacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Gazeta.uz maʼlumotiga koʻra, avtobuslar kechki soat 21:00 dan keyin ham 15−20 daqiqalik interval bilan yurishi kerak.
Bu tartib Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining 30-oktabrdagi qarorida belgilangan. Hozircha gap tayyor xizmat haqida emas — “Toshshahartransxizmat” va shahar transport boshqarmasi qatnovlarni 1-dekabrgacha yoʻlga qoʻyishi lozim.
Qaysi yoʻnalishlar kechgacha ishlaydi?
Roʻyxatga 15 ta magistral va 5 ta bogʻlovchi yoʻnalish kiritilgan. Ular vokzallar, xalqaro aeroport, metro stansiyalari va aholi zich yashaydigan mavzelarni oʻzaro ulaydi.
Kechki qatnov 1, 14, 18, 21, 24, 28, 38, 44, 46, 51, 58, 67, 72, 85, 93, 98, 115, 118, 131 va 147-sonli avtobuslarda tashkil qilinadi. Masalan, 67-avtobus xalqaro aeroportni Yunusobodning 19-mavzesi bilan, 24-avtobus Yangi Choshtepani Toshkent vokzali bilan bogʻlaydi.
Shuningdek, 85, 118 va yana bir necha yoʻnalish Toshkent vokzaliga olib boradi. Qoraqamish, Doʻstlik-2, Oʻrikzor, Chorsu, Yunusobod va Chilonzor kabi gavjum hududlar ham yangi jadvaldan joy olgan.
Jadval ilovalarda koʻrinishi kerak
Qarorga koʻra, tungi qatnov jadvallari bekatlarda hamda raqamli ilovalarda eʼlon qilinadi. Avtobuslarning jadvalga amal qilishi markazlashgan dispetcherlik xizmati tomonidan har kuni kuzatiladi.
3TM, ATTO va Yandex ilovalariga uzatiladigan GPS maʼlumotlaridagi vaqt tafovutlari 20-noyabrgacha tuzatilishi kerak. Avtobuslardagi naqd pulsiz toʻlov validatorlari va bank tarmoqlari bilan bogʻliq uzilishlarni ham bartaraf etish vazifasi qoʻyilgan.
Kechki transportga talab bor
Shahar Kengashida koʻrib chiqilgan soʻrov natijalari soat 21:00 dan keyin jamoat transporti keskin kamayishini koʻrsatgan. Bu ayniqsa kechki smenada ishlaydiganlar, talabalar va Toshkent mehmonlariga noqulaylik tugʻdiradi.
Mohiyatan, yangi tartib poytaxtdagi “oxirgi kilometr” muammosini biroz yumshatishi mumkin. Metrodan kech chiqqan odam uyiga yetib olish uchun qimmat taksiga bogʻlanib qolmaydi.
Lekin rejaning haqiqiy natijasi avtobuslar qogʻozdagi jadvalga qanchalik amal qilishiga bogʻliq. 15−20 daqiqalik interval saqlansa, bu Toshkentning kechki hayotiga sezilarli taʼsir qiladi.
Ishqilib, bu safar loyiha rejaligicha qolib ketmaydi. Chunki 2025-yilda ham shaharda tungi avtobus yoʻnalishlarini ochish, buning uchun 33,3 mlrd soʻm sarflash aytilgan, ammo xizmat ishga tushmagan edi.
