Beeline tarkibiga kiruvchi VEON guruhi Perfectumʼni $207 mln evaziga sotib oldi. Spot.uz maʼlumotiga ko‘ra, bitim qiymatiga operatorning $93 mln qarzi ham kiradi, qolgan pulni esa VEON o‘z mablag‘idan to‘laydi.

Xarid bilan birga Beeline 115 MGs radiochastota va tayyor 5G Standalone tarmog‘iga ega bo‘ladi. VEON hisob-kitobiga ko‘ra, buning hisobiga kompaniyaning chastotalar portfeli qariyb 50% ga kengayadi.

Perfectum hozircha alohida operator bo‘lib qoladi

Raqobat qo‘mitasi VEONʼning Perfectumʼdagi 100% ulushni sotib olishiga oktabr oyida ruxsat bergan, biroq bir qator shartlarni qo‘ygan. Perfectum kamida uch yil mustaqil operator sifatida ishlashi kerak.

Amaldagi tariflar abonentlar uchun 12 oy davomida saqlanadi. Tarmoqdagi o‘rtacha tezlik 300 Mbit/s dan pastga tushmasligi, VEON esa 5G Standalone tarmog‘ini boshqa hududlarda ham kengaytirishi lozim.

Kompaniya foydalanuvchilarni Beeline va VEONʼning raqamli platformalariga majburan o‘tkaza olmaydi. Abonentlarning huquqlari hamda shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish ham bitim shartlari qatoriga kirgan.

Beeline nimani qo‘lga kiritdi?

Spot.uz bilan suhbatlashgan telekom mutaxassislari Shavkat Berdiyev va Sayyod Matkarimov xaridni Beeline uchun foydali deb baholagan. Asosiy aktiv — radiochastota spektri. Chastota qancha ko‘p bo‘lsa, tarmoq shuncha katta hajmdagi maʼlumotni uzata oladi.

Perfectumʼning tayyor infratuzilmasi Beelineʼga 5G tarmog‘ini noldan qurmaslik imkonini beradi. 4G tarmog‘idagi yuklamaning bir qismi 5Gʼga o‘tadi, kompaniya esa yangi qurilish va tarmoqni saqlash xarajatlarini kamaytiradi.

Mohiyatan, VEON faqat operatorni emas, kelgusi yillarda internet trafigini ko‘taradigan tayyor texnik bazani sotib oldi. Toshkent kabi mobil internetga talab yuqori shaharlarda abonentlar tezlik va qamrovdagi dastlabki o‘zgarishlarni texnik integratsiyadan bir necha oy o‘tib sezishi mumkin.

Raqobat va tariflar nima bo‘ladi?

Mutaxassislar bitim mobil aloqa bozoridagi raqobatni susaytiradi, deb hisoblamayapti. Aksincha, Beeline, Ucell, Uztelecom va Mobiuz o‘rtasidagi kurash kuchayishi mumkin. Perfectum chastotalari Beelineʼga qo‘shilgach, boshqa yirik operatorlar ham tarmoq sifati va yangi xizmatlarga ko‘proq sarmoya kiritishga majbur bo‘ladi.

Ekspertlar hozircha tariflar qimmatlashishini kutmayapti. Bunga Raqobat qo‘mitasining 12 oylik cheklovi ham kafolat beradi. Keyingi bosqichda esa katta internet paketlari va 5G asosidagi yangi xizmatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Qisqasi, abonent uchun eng yaqin o‘zgarish narxda emas, aloqa sifati va tezligida ko‘rinadi. Bitimning uzoq muddatli natijasi esa VEON hududlarda 5G tarmog‘ini qanchalik tez kengaytirishiga bog‘liq.