Aktyor va tadbirkor Mark Wahlberg dekabr oyida Las-Vegas tashqarisida Municipal Gym nomli birinchi sport zalini ochadi. TechCrunch yozishicha, 32 ming kvadrat futlik — qariyb 3 ming kvadrat metrlik majmua qimmat uzoq umr ko‘rish klublaridagi xizmatlarni ancha arzon narxda taklif qilmoqchi.

Municipal Gym oddiy trenajyorlar zali bo‘lib qolmaydi. Unda qon tahlili, epigenetik test, tiklanish uskunalari, kompression terapiya, sovuq suvli vannalar hamda proteinli mahsulotlar sotiladigan kafe bo‘ladi.

Wahlberg keltirgan misolga ko‘ra, mijoz $99 evaziga uch marta qon tahlilidan o‘tadi va shifokor bilan bir soat maslahatlashadi. Shifokor shu orqali odamning ayrim kasalliklarga moyilligini aniqlashga yordam beradi. Qo‘shimchalar va gormonal terapiya xizmatlari ham zalning o‘zida taklif qilinadi.

Qimmat klublarga arzonroq raqib

AQSHdagi uzoq umr ko‘rish bozori hozir asosan badavlat mijozlarga ishlaydi. Tony Robbins hammuassis bo‘lgan Fountain Life kompaniyasining to‘liq yillik obunasi $21 500 turadi. Robbins va Sam Nazarian asos solgan The Estate markazlari $35 minglik aʼzolikni rejalashtiryapti, Equinox esa oddiy abonement ustiga $36 minglik maxsus dastur tayyorlamoqda.

Wahlberg Municipal shu darajadagi xizmatni pastroq narxda berishini aytyapti. Biroq u hozircha umumiy abonement narxi, $99 lik paketning amal qilish muddati yoki keyingi xizmatlar qancha turishini ochiqlamadi. Demak, loyihaning haqiqatan ham ommabop bo‘lishini faqat to‘liq tariflar eʼlon qilingach baholash mumkin.

“Bizda narx raqobatchilarnikidan yaxshiroq bo‘ladi va ancha ko‘proq natija beramiz”, — dedi Wahlberg TechCrunch Disrupt tadbirida.

Municipal dastlab kiyim brendi sifatida 2020-yilda ish boshlagan. Wahlbergning aytishicha, maqsad faqat futbolka va krossovka sotish emas, balki ovqatlanish, mashq, qo‘shimchalar va tiklanishni bir joyga jamlagan sog‘lom turmush ekotizimini qurish bo‘lgan. Sport zali kiyimlarni ko‘rib, kiyib sinash mumkin bo‘lgan savdo nuqtasi vazifasini ham bajaradi.

F45 tajribasi saboq bo‘lgan

Wahlberg sport biznesida avval ham katta tavakkal qilgan. U 2019-yilda 45 daqiqalik guruh mashg‘ulotlari bilan tanilgan F45 tarmog‘iga kompaniya $450 mln baholangan paytda sarmoya kiritgan. F45 2021-yilda birjaga chiqdi, ammo aksiyalari qulagach, 2023-yilda New York fond birjasi ro‘yxatidan chiqarildi.

Aktyor bu tajriba unga bir xil yondashuvdagi hamkorlarni tanlash muhimligini o‘rgatganini aytdi. Municipal’da esa odamlarning mashqni tugatib darhol ketishi emas, zalda bir necha soat qolishi ko‘zlangan.

Qisqasi, Wahlberg qimmat diagnostika va tiklanish xizmatlarini kengroq auditoriyaga olib chiqmoqchi. Bu model Toshkentdagi premium sport klublari uchun ham qiziq signal — mahalliy bozorda zal, tibbiy tekshiruv va tiklanish xizmatlarini bitta abonementga birlashtirgan takliflar hali ko‘p emas.