Oʻzbekistondan xorijga yuk tashishga talab 2026-yilning uchinchi choragida 29% oshdi. Spot.uz ATI.SU hisobotiga tayanib yozishicha, tashish narxlari ham 2025-yilning shu davriga nisbatan 10% koʻtarilgan.
Yilning dastlabki toʻqqiz oyida eksport yuk tashish boʻyicha buyurtmalar soni 11% oʻsdi. Ijobiy dinamika uchala chorakda ham saqlanib qolgan — demak, gap faqat bir oylik yoki mavsumiy sakrash haqida ketmayapti.
Belarus yoʻnalishi eng tez oʻsdi
Eng katta oʻsish Belarusga yuk yetkazib berishda kuzatildi — talab 80% oshgan. Rossiyaga tashish uchun berilgan buyurtmalar esa 25% koʻpaydi.
Bu raqamlar Oʻzbekistondagi ishlab chiqaruvchi va eksportchilar tashqi bozorlarga faolroq chiqayotganini koʻrsatadi. Ayniqsa, avtomobil transporti tezlik va moslashuvchanlik muhim boʻlgan yoʻnalishlarda asosiy vositalardan biri boʻlib qolmoqda.
Import yuk tashish bozorida vaziyat bir tekis emas. Yil boshidan buyurtmalar umumiy hisobda 16% koʻpaygan boʻlsa-da, uchinchi chorakning oʻzida talab 8% pasaydi. Iyul va avgustdagi sustlikdan keyin sentabrda buyurtmalar birdaniga 39% oshgan.
Rossiyadan import yozda sekinlashdi
Rossiya yoʻnalishida sentabr oyidagi talab qariyb 1,5 baravar oshdi. Biroq oldingi ikki oyda keskin pasayish boʻlgani uchun chorak yakunida buyurtmalar soni 4% kamaygan. Import tashish narxlari esa bir yil ichida atigi 2% oʻsdi.
ATI.SUning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Farid Vahidov Rossiya yoʻnalishidagi yozgi pasayishni yoqilgʻi inqirozi bilan izohladi. Uning aytishicha, sentabrda dizel taʼminoti yaxshilangach, talab ham tez tiklangan.
Ichki bozorda ham yuk tashishga ehtiyoj ortyapti. Uchinchi chorakda Oʻzbekiston ichidagi yetkazib berish buyurtmalari ikkinchi chorakka nisbatan 12% koʻpaydi.
Joyida aytib ketay, bu statistikaning bir qismi bozorning oʻsishi bilan, yana bir qismi esa tashuvchilar va buyurtmachilarning raqamli platformalarga koʻchayotgani bilan bogʻliq. Oldin telefon, tanish-bilish yoki yopiq guruhlar orqali topilgan buyurtmalar endi tizimda koʻrina boshlagan.
Mohiyatan, raqamlar ikki jarayonni bir paytda koʻrsatmoqda: Oʻzbekiston eksport logistikasi kengayyapti, yuk tashish bozori esa asta-sekin shaffofroq raqamli shaklga oʻtyapti. Toshkent va viloyatlardagi kichik tashuvchilar uchun bu koʻproq buyurtma topish imkonini beradi, lekin narx va xizmat sifati boʻyicha raqobatni ham kuchaytiradi.
