Oʻzbekistonda oktabr oyida isteʼmol narxlari 0,6% ga oshdi. Spot.uz maʼlumotiga koʻra, yillik inflyatsiya 6,5% ga yetib, may oyidan beri eng yuqori darajani qayd etdi.
Oziq-ovqat bir oyda 1%, bir yilda esa 6,4% qimmatlashdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi oktabrda 0,2%, pulli xizmatlar esa 0,6% oshdi.
Tuxum va goʻsht narxi yana koʻtarildi
Asosiy oziq-ovqatlar orasida tuxum eng katta oylik oʻsishni koʻrsatdi — 5,2%. Qoʻy goʻshti va baliq 1,4%, suyakli mol goʻshti hamda parranda goʻshti 1,2%, qiyma 1,1% qimmatlashdi.
Suyaksiz mol goʻshti narxi 0,9%, sut 1%, non 0,7% oshdi. Shakar esa bir oyda 2,2% arzonlashdi.
Mavsumiy omillar sabzavot narxlariga sezilarli taʼsir qildi. Baqlajon va bodring 9%, pomidor 8,8%, bulgʻor qalampiri 8,7%, kartoshka 5,3% qimmatlashdi. Ayni paytda limon 15%, uzum 7,5%, olma 3% va banan 1,3% arzonladi.
Bir yillik taqqoslashda goʻsht narxidagi oʻsish yanada yaqqol: qoʻy goʻshti 19,5%, suyaksiz mol goʻshti 17,1%, suyakli mol goʻshti 15,6% qimmat. Tuxum narxi oʻtgan yilning oktabriga nisbatan 12,7% oshgan.
Toshkentda transport xarajati keskin oshdi
1-oktabrdan Toshkentdagi metro va avtobuslarda yoʻlkira oʻzgargani sabab jamoat transporti narxi, turli toʻlov usullari hisobga olinganda, oʻrtacha 26,1% oshdi. Bu butun mamlakat boʻyicha shahar avtobuslari xizmatining 7% qimmatlashishiga taʼsir qildi.
Taksi narxi respublika boʻyicha 1,3%, Toshkentda esa 2,5% koʻtarildi. Elektr poyezdlarida yoʻlkira bir oyda 1,4%, uzoq masofali poyezd chiptalari 0,6% qimmatlashdi. Ichki aviaqatnovlar narxi esa 1,4% pasaydi.
Kommunal xizmatlarda ham oʻsish bor. Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yangi tariflar fonida sovuq suv hamda kanalizatsiya xizmati mamlakat boʻyicha bir oyda oʻrtacha 4,7% qimmatlashdi.
Benzin va propan ham qimmatlashmoqda
Benzinning oʻrtacha narxi oktabrda 1%, bir yilda 19,5% oshdi. AI-95 benzini bir oyda 2,6%, AI-98 va AI-100 esa 5,3% qimmatlashgan. Propan narxidagi oylik oʻsish 0,4% boʻlsa-da, yillik oʻsish 44,7% ga yetdi.
Qisqasi, oktabrdagi 0,6% umumiy inflyatsiya kundalik xarajatlarda bir xil sezilmadi. Toshkent aholisi uchun transport, butun mamlakat isteʼmolchilari uchun esa tuxum, goʻsht va ayrim sabzavotlardagi oʻsish oilaviy budjetga kuchliroq bosim qildi.
