Toshkent metrosi uchun 14 ta besh vagonli poyezd, jami 70 ta yangi vagon xarid qilish rejasi koʻrib chiqilyapti. Spot.uz maʼlumotiga koʻra, loyiha konsepsiyasini 8-oktabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi maʼqullagan.

Hozircha narx ham, yetkazib beruvchi ham tanlanmagan. Variantlarga qarab loyiha qiymati $168,6 mlndan $356,2 mlngacha chiqyapti. Bu yerda faqat poyezd narxi emas, kredit sharti, depo va texnik xizmat infratuzilmasi ham hisobga kiradi.

Mohiyatan, masala oddiy: metrodagi vagonlarning bir qismi bir necha oʻn yildan beri yuribdi, xizmat muddati esa tugashga yaqin. Park yangilanmasa, liniyalardagi poyezdlar soni kamayadi, interval uzayadi, yoʻlovchi oqimi esa aksincha oʻsyapti.

Nega aynan besh vagonli poyezdlar?

Yangi poyezdlar aynan besh vagondan iborat boʻlishi kerak. Sabab — amaldagi bekatlar platformasi taxminan 100 metr, olti vagonli tarkib esa sigʻmaydi. Bekatlarni qayta qurish juda qimmatga tushadi.

Texnik talablar ham mavjud infratuzilmaga mos qoʻyilgan: koleya 1520 mm, kontakt relsidan quvvatlanish 825 V, maksimal tezlik 90 km/soat boʻlishi kerak. Yaʼni yangi tarkiblar hozirgi tizimga ulanib ketishi lozim.

Eski 81-717/714 seriyasidagi vagonlarga nisbatan yangi poyezdlarda kuchliroq asinxron dvigatel, tormozlash paytida energiyani qaytaruvchi tizim, konditsioner, zamonaviy yoritish va axborot tizimlari boʻlishi kutilmoqda. Pol pastroq qilinadi — bu imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun kirib-chiqishni yengillashtiradi.

Kimlar koʻrib chiqilyapti?

Rasmiy tijoriy taklifni faqat Xitoyning CRRC kompaniyasi va Rossiyaning “Global transport yechimlari” bergan. Qolgan besh kompaniya boʻyicha hisob-kitoblar ochiq maʼlumotlar va oʻxshash bitimlar asosida qilingan.

Eng arzon variant CRRC boʻlib turibdi: poyezdlar $118,3 mln, loyiha esa $168,64−169,67 mln atrofida. Kredit sharti — 20 yilga 3%, Xitoy Eksimbanki orqali.

Hyundai Rotem varianti poyezd narxi boʻyicha qimmatroq — $179,4 mln, lekin loyiha qiymati $184,13−184,22 mln chiqadi. Bunda Koreya Eksimbanki 20 yilga 0,05% stavka taklif qilishi mumkin. Joyida aytib ketay, kredit stavkasi bunday loyihalarda yakuniy narxni juda sezilarli oʻzgartiradi.

Alstom varianti $217,28−219,56 mln, CAF $229,95−232,37 mln, Rossiya taklifi $247,95−251,93 mln, Škoda Transportation $279,99−282,29 mln, Kawasaki Rail Car esa $356,21−357,37 mln atrofida baholangan. Nemis Siemens esa texnik talablarga mos kelmasligini bildirib, tijoriy taklif bermagan.

Rossiyadan boshqa yetkazib beruvchi tanlansa, yangi depo va texnik xizmat punktlari qurish kerak boʻladi. Bu taxminan $10,1 mln qoʻshimcha xarajat degani, u yakuniy summalarga kiritilgan.

Budjet toʻlaydigan loyiha

Toshkent metropoliteni dotatsiyadagi notijorat tashkilot hisoblanadi. Shuning uchun variantlarning hech biri moliyaviy jihatdan oʻzini qoplamaydi. Kreditlarni davlat budjeti hisobidan qaytarish rejalashtirilgan.

2026-yilda yetkazib beruvchini tanlash, moliyalashtirishni jalb qilish va kredit shartnomasini imzolash ishlari boradi. Poyezdlar 2027-yilda, taxminan 10 oy ichida uch partiyada kelishi rejalangan. Qabul qilish va liniyaga chiqarish 2027-yil noyabrigacha tugashi kerak.

Hisob-kitoblarga koʻra, yangi poyezdlar 2028-yilda 18,7 mln, 2030-yilda 22,6 mln, 2035-yilda esa 27,4 mln yoʻlovchi tashiydi. Bundan tashqari, 61 ta ish oʻrni ochilishi, ayrim yoʻlovchilar shaxsiy transportdan metroga oʻtishi kutilmoqda.

Menimcha, bu loyiha Toshkent uchun faqat yangi vagon masalasi emas. Shahar zichlashyapti, yoʻllardagi bosim oshyapti, metro esa eng mantiqli yechimlardan biri boʻlib qolyapti. Qisqasi, tanlovda eng arzon poyezd emas, eng toʻgʻri umumiy paket yutishi kerak.