Spot.uz maʼlumotiga koʻra, Uzum 2026-yil oxirigacha yoki kelasi yil boshida ilk yevroobligatsiyalarini chiqarish variantini koʻrib chiqyapti. Bu haqda kompaniya asoschilaridan biri, strategiya va biznesni rivojlantirish direktori Nikolay Seleznyov Dubayda Bloomberg TVʼga bergan intervyusida aytgan.

Gap oddiy qarz olish haqida emas. Uzum hozir oʻz ekotizimini, ayniqsa garovsiz kreditlash yoʻnalishini kengaytiryapti. Bunday biznes tez oʻsishi uchun katta kapital kerak boʻladi: kredit berish uchun avval pul topish, keyin uni aylantirish zarur.

“Biz juda yaxshi vaziyatdamiz: pul topish uchun bizga koʻp pul kerak”, — degan Seleznyov.

Mohiyatan, Uzum oʻzini endi faqat marketplace yoki fintech emas, balki kapital bozori bilan ishlaydigan yirik xususiy ekotizim sifatida koʻrsatyapti. Yevrobond chiqarish ham shuning belgisi: kompaniya mablagʻni faqat mahalliy investorlar yoki xususiy fondlardan emas, xalqaro qarz bozoridan ham jalb qilishni oʻylayapti.

Uzum allaqachon ichki bozorda yirik qarz oluvchiga aylandi

2025-yildan beri Uzum ichki bozorda jami 2,1 trln soʻmlik obligatsiya joylashtirgan. Spot yozishicha, shu orqali kompaniya Oʻzbekistondagi eng yirik xususiy korporativ emitentga aylangan.

Yaqinda Uzum Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan may oyida tuzilgan kredit kelishuvi doirasida moliyalashtirish hajmini $70 mln.dan $100 mln.gacha oshirdi. Bundan tashqari, fond birjasida Uzumʼning $50 mln.lik valyuta obligatsiyalari savdosi ham boshlangan.

Qisqasi, kompaniya qarz kapitali bilan ishlashni allaqachon sinab koʻryapti. Endi masala — shu modelni xalqaro bozorda takrorlash mumkinmi yoki yoʻq.

Tencent, Oman fondlari va $2,3 mlrd baho

Uzumʼning oldingi oʻsishi asosan xususiy investitsiyalar hisobiga moliyalangan. Investorlar orasida Xitoyning Tencent Holdings kompaniyasi va Oman suveren fondlari bor.

Mart oyidagi navbatdagi investitsiya raundi kompaniyani $2,3 mlrd.ga baholagan. Bloomberg yozishicha, Uzum bu yil yana yangi investitsiya raundini oʻtkazishni ham rejalashtiryapti.

Bu yerda qiziq joyi shuki, kompaniya bir vaqtning oʻzida bir nechta eshikni ochiq qoldiryapti: yevrobond, yangi xususiy investitsiya raundi va keyinroq IPO. Yaʼni Uzum kapital topishning bitta yoʻliga bogʻlanib qolmoqchi emas.

Bu Oʻzbekiston bozori uchun nimani anglatadi?

Menimcha, bu voqea Uzumʼdan koʻra kengroq hikoya. Toshkentdagi texnologik kompaniyalar avval mahalliy bozor ichida oʻsishni oʻylardi, endi esa xalqaro investorlar tilida gapirishga majbur boʻlyapti: obligatsiya, reyting, shaffof hisobot, qarz yuki, daromadlilik.

Yevrobond chiqsa, Uzum xalqaro bozorda oʻz riskini narxlattiradi. Investorlar kompaniyaga ishonadimi, qancha foiz talab qiladi, Oʻzbekiston xususiy texnologik biznesini qanday baholaydi — mana shu savollarga amaliy javob paydo boʻladi.

Joyida aytib ketay, bu avtomatik ravishda “muvaffaqiyat” degani emas. Garovsiz kreditlash tez oʻsadi, lekin risk ham shunga yarasha kattalashadi. Kredit portfeli sifati yomonlashsa, katta moliyalashtirish foydadan koʻra bosimga aylanishi mumkin.

Lekin hozircha Uzum agressiv oʻsish yoʻlini tanlagan koʻrinadi. Kompaniya pulni qimmatga olsa ham, uni tezroq aylantirib, ekotizim ichida daromadga aylantirishga ishonadi. Ishqilib, bu poyga faqat hajm ortidan quvish emas, barqaror biznes modeliga ham olib borsa yaxshi.